Prezident tashabbusi bilan “Maxtumquli” filmi yaratilmoqda
Kinematografiya agentligida mazkur film bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

2-aprel kuni Kinematografiya agentligi Badiiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy kino ijodkorlari bilan suratga olinishi rejalashtirilgan "Meni kut" kino loyihasi, “Uch qahramon”, “Maxtumquli”, badiiy filmlari, “O‘zbekiston kino sanʼati ustalari” turkumi ostida yaratilgan film-portretlar, “O‘zbek sanʼati darg‘alari” turkumidagi “Mukarrama Turg‘unboyeva” hujjatli filmi, "Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” turkumidagi animatsion loyihalar ko‘rib chiqildi.

Muhokamada Badiiy kengash aʼzolari, xitoylik kinoijodkorlar, ssenariy mualliflari, rejissyorlar ishtirok etdi. Kengash muhokamasi avvalida, "Meni kut" film ssenariysi taqdim etilib, Badiiy kengash aʼzolari loyiha bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. So‘ngra Muzaffarxon Erkinov "Maxtumquli" (ishchi nomi) badiiy filmi bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Kengash aʼzolari kino loyiha sinopsisi, lokatsiyalar, turkman aktyorlarining videosinovlari, liboslar, rekvizitlar bilan tanishtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan yaratilishi rejalashtirilgan mazkur koproduksiya O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida ishlab chiqariladi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yaratilayotgan "Uch qahramon" badiiy filmi bo‘yicha suratga olinadigan qo‘shimcha epizodlar ko‘rigi va muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Kengash muhokamasi davomida "Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” turkumi ostida yaratilishi rejalashtirilgan ”Shiroq afsonasi” animatsion loyihasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu bo‘yicha animatsion film rejissyori Abdulatif Haydarov taqdimot o‘tkazdi.

Muhokama so‘nggida Kengash aʼzolari barcha loyihalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini berishdi.







