Turkiya tojikistonliklar uchun “yopilmoqda”
Hukumat ular uchun vizasiz rejimni bekor qildi.

Tojikiston fuqarolari endi Turkiyaga vizasiz kira olmaydi. Tegishli farmon prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolandi.
“Tojikiston fuqarolarining Turkiyaga umumiy fuqarolik pasporti orqali kirishi bo‘yicha vizasiz rejimni bekor etishga qaror qilindi”, — deyiladi hujjatda.
Ilgari Tojikiston fuqarolari Turkiyaga sayohat maqsadi turizm bo‘lsa va qolish muddati 90 kundan oshmasa, vizasiz borishi mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Istanbulda Tojikiston fuqarosi va Qirg‘iziston fuqarosi terrorchilik aktini tayyorlashda gumonlanib qo‘lga olingan edi.







