O‘zbekistonda shakar narxi oshadimi?
Vazirlik tarmoqda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportiga 2024 yil 31 avgustgacha taqiq joriy etilgani bois respublika ichki bozorida shakar narxining qimmatlashgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda shakarga bo‘lgan yillik talab o‘rtacha 650-700 ming tonnani tashkil etadi. Respublikada faoliyat yuritayotgan “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ko‘p bo‘lib, bu ichki bozorni talabidan ortig‘i bilan taʼminlashga yetarli.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportini cheklash O‘zbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi, chunki respublikadagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emas va 2023 yilda xomashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilingan.
Ayni paytda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan bo‘lib, uning atigi o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos.
Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud bo‘lib, Braziliyadan xom-ashyo kirib kelishi davom etmoqda.
“Nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud”, deyiladi vazirlik xabarida.







