Toshkentda avtobus yo‘lovchini sudrab ketdi
Holat yuzasidan rasmiylar izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkentda avtobus haydovchisi eshikka qisilib qolgan yo‘lovchini bir necha metrga sudrab ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, keksa erkak to‘satdan avtobusdan tushgan. U eshiklarni yopgach, harakatda davom etayotgan vaqtida buni payqab qolgan va darhol avtobusni to‘xtatgan. Yo‘lovchi hammasi yaxshi ekanini bildirgach, yana avtobusga minib, yo‘lida davom etgan.
Maʼlum qilinishicha, hozirda haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Boshqa barcha haydovchilar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.







