Bolalar qo‘liga igna sanchgan o‘qituvchi ishdan haydaldi
Uning ustidan 15 nafar ota-ona shikoyat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchilar qo‘liga igna sanchib jazolab kelgani aytilgan xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Maʼlum bo‘lishicha, joriy yilning 16 aprel kuni Toshkent shahri Sergeli tumani, 277-o‘rta maktab 1-“E” sinf o‘quvchilarining 15 nafar ota-onalari mazkur maktab direktorining huzuriga kelib, 1-“E” sinf rahbari S. R. ning ustidan shikoyat qilgan.
Murojaatda ota-onalar sinf rahbari S. R. o‘quvchilar qo‘lining kaft qismini ustiga samorez va ignalar bilan sanchib, turli jarohatlar yetkazganligi, go‘yoki shunday usulda bolalarni tarbiyalashga uringanini bildirishgan.
1-“E” sinf rahbari S. R. bolalarga nisbatan shunday nomaqbul harakatlarni sodir qilganligi yuzasidan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilgan.
Hozirda holat yuzasidan Sergeli tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.







