“Yor-yor” filmining yangi varianti suratga olinadi
U shu yil oxirigacha tayyor bo‘ladi.

Bu yil o‘zbek kinosi durdonalaridan biri “Yor-yor” filmining suratga olinganiga 60 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan ssenariy muallifi va rejissyor Ali Hamroyev ushbu mavzuga yana qo‘l urdi.
Ayni paytda ushbu film sinopsisi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashiga taqdim etildi hamda Kengash aʼzolari tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.
Film sinopsisiga ko‘ra, voqealar rivoji 1964 yilda suratga olingan “Yor-yor” bilan deyarli bir xil.Birgina farqi yangi “Yor-yor”da bugungi hayot – Yangi O‘zbekiston tasvirlanadi.
Film bosh qahramonlaridan biri “Ota” obrazini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Abdullayev gavdalantiradi.
Hozirda boshqa qahramonlar uchun kasting jarayonlari davom etmoqda.
Film shu yilning dekabr oylarida tayyor bo‘ladi. 2025 yil Navro‘z bayramida katta ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan.







