Samarqandda xalqaro forum boshlandi
Unda 30 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar qatnashmoqda.

Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi o‘z ishini boshladi.
Unda 30 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, 40 dan ortiq xorijiy davlatning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalarning jami 400 ga yaqin vakillari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etmoqda.
Forumda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva nutq so‘zladi.
“Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini taʼminlash har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan, turli nizolar, yangi xatarlar xavfi yuqori bo‘layotgan bir sharoitda mazkur masala dolzarbligi yana-da oshmoqda”.







