Qo‘qonda bola o‘g‘risi paydo bo‘ldimi?
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqda Farg‘onada erkak 6 yoshli bolani mashina bagajiga solib, olib qochgani aytilgan xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, holat 14-may kuni Qo‘qon shahrining Obod yurt ko‘chasida sodir bo‘lgan. voyaga yetmagan bola qo‘shnisiga tegishli uyning devor va oynasiga tosh otib sindirgan. Buni ko‘rgan uy egasi voyaga yetmagan bolani qo‘rqitib qo‘yish maqsadida o‘ziga tegishli bo‘lgan Nexia-2‘ning yukxonasiga solib, avtomashinani harakatlantirgan. Shu paytda bolaning onasi ko‘chaga chiqib, mashinani to‘xtatib, farzandini mashinadan tushirib olgan hamda o‘rtada o‘zaro janjal kelib chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan MJtKning 183-moddasi, yaʼni mayda bezorilik tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborish chorasi ko‘rilgan.







