Farg‘onada farzandini maktabga yubormagan ota qamaldi
U farzandini taʼlimga qaytmasligini va hech kim hech narsa qila olmasligini aytgan.

Maʼlum qilinishicha, viloyatning O‘zbekiston tumani Qumbosdi qishlog‘ida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan shaxs farzandining tumandagi 45-maktabga borishiga to‘sqinlik qilgan. Farzandini taʼlimga qaytarish va profilaktik tushuntirish ishlari olib borish maqsadida O‘zbekiston tumani inspektor-psixologi, katta leytenant D. Araqulov bolaning ota-onasini chaqirtirgan.
Ammo ota o‘zini nosamimiy tutib, jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid xatti-harakatlar sodir etgan. Ota farzandini taʼlimga qaytmasligini, hech kim hech narsa qila olmasligini taʼkidlagan. Shuningdek, u Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmagan.
“2024 yil to‘plangan ish hujjatlari O‘zbekiston tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ushbu fuqaro Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 18- (mayda bezorilik) va 194 - (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 10 sutkaga qamoq jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.







