"Kino — kelajakning nurli yo‘li" forumi o‘tkaziladi
Tadbir ertaga, Milliy kino sanʼati saroyida soat 15:00 da boshlanadi.

22 may kuni Milliy kino sanʼati saroyida Kinematografiya agentligi hamda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan "Kino — kelajakning nurli yo‘li" forumi tashkil etiladi.
Unda Agentlik va tizim tashkilotlari, O‘zbekiston Kinoarboblar ijodiy uyushmasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi rahbar-xodimlari, taniqli kinoijodkorlar va OAV vakillari, jamoatchilik faollari ishtirok etadi.
Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Milliy kino sanʼati saroyi (Kinochilar uyi)ga tashriflari, kinoijodkorlar bilan uchrashuvlari davomida kinematografiya sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Forum davomida, shuningdek, Milliy kinematografiya sohasida erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, "Tirik tarix" turkumida yaratiladigan tarixiy-biografik loyihalar dasturi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.







