Lifestyle

To‘ng‘ich qiz sindromi

Uning xavfi nimada?

To‘ng‘ich qiz sindromi

To‘ng‘ich va kichik bolalarning ulg‘ayishi turlicha bo‘ladi — natijada ularning hayoti ham bolalikdagi odatlar va tarbiyaga mos ravishda shakllanadi. Psixologlar xulosasiga ko‘ra, oiladagi to‘ng‘ich qizlarning boshiga “ko‘p ishlar” tushadi. 

 

Odatda to‘ng‘ich farzandlar dunyoga kelganda ota-onalar hali yosh va tajribasiz bo‘ladi. Shu sababli tarbiyaga bobo va buvilar aralashadi. Ikkinchi farzand esa o‘zgacha eʼtibor bilan siylanadi. Uchinchi farzand katta opalarining yuklamalarini o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi. Keyin kenja farzand ota-onasidan ko‘ra, katta farzandlar o‘gitlari bilan yashaydi.

 

Nega to‘ng‘ich farzandlar tez ulg‘ayadi?

 

Homiladorlik vaqtidagi stress

 

Kaliforniya universiteti mutaxassislari homiladorlik vaqtidagi stress bilan to‘ng‘ich farzandning ulg‘ayishi o‘rtasidagi aloqani o‘rganib ko‘rishdi. Maqola Psychoneuroendocrinology jurnalida chop etildi.

 

Tadqiqotchilar homiladorlikning 15, 19, 25, 31 va 37 haftalarida ayollardagi stress darajasini o‘rganishdi, so‘ngra 8-10, 11-12 va 13-16 yoshlardagi bolalarda jinsiy yetilish markerlarini qayd etishdi. Aniqlanishicha, bo‘lg‘usi onadagi yuqori asabiylik natijasida to‘ng‘ich qizlar tezroq ulg‘ayishgan. To‘ng‘ich o‘g‘il va keyingi o‘g‘il farzandlarda bu holat kuzatilmagan.

 

Gender qoliplar

 

Psixoterapevt Natali Murning aytishicha, oilada farzandlar ko‘p bo‘lsa, qizlar tezroq ulg‘ayishiga va ko‘plab ko‘nikmalarni ertaroq egallashlariga to‘g‘ri keladi. Sabab yagona, kichik uka-singillari bobida ota-onasiga ko‘maklashish.

 

Chunki qiz — bo‘lg‘usi beka/rafiqa/ona, onaning yordamchisi…

 

Qanday oqibatlar bilan kurashadi?

 

O‘ta kuchli masʼuliyat

 

Bu hissiyot oilada rivojlanib, butun umr davomida to‘ng‘ich qizlar yelkasida bo‘ladi. Ruhiy, jismoniy, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish hisi ularga doim hamroh bo‘ladi.

 

Mukammallikka intilish

 

Do‘stlik, munosabatlar, ishda – hamma joyda ular mukammal bo‘lishga harakat qilishadi. Oqibatda ayollar erta charchoq, tushkunlikdan aziyat chekib, o‘zlarini to‘laqonli baxtli his qila olishmaydi.

 

To‘ng‘ich qizlarga maslahatlar

 

Bir qarashdan ayollar uchun katta opa bo‘lish juda qulay bo‘lishi mumkin — ular singillari va ukalariga g‘amxo‘rlik qilishga o‘rganib qolishgan va bundan mamnun bo‘lishadi. Ammo quyidagilarni ham unutmaslik kerak:

 

- sizga yoqmaydigan yoki zarar keltiradigan ishni o‘zgalar uchun aslo bajarmang;

 

- gohida nazoratni chetga surib, odamlarga o‘zlari istaganday yashashga qo‘yib bering;

 

- odamlardan maslahatim o‘zi kerakmi, deb so‘rang;

 

- butun masʼuliyatni bo‘yningizga olavermang.