Tadbirkorlarga subsidiya berish tartibi takomillashtirilmoqda
Bu bo‘yicha Prezident Qarori qabul qilindi.

“Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda joriy etiladi:
— qo‘llab-quvvatlash choralari “V” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
- “AAA” toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi;
- “AA” toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi;
- “A” toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi;
- “VVV” toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi;
- “VV” toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi;
- “V” toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi;
— qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan, shuningdek, Prezident Farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qatʼi nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi;
— tadbirkorlarning reyting darajasi:
- pasaygan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi;
- yuqorilagan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.
2025 yil 1 yanvardan “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.







