Sirdaryodagi omborda yong‘in chiqdi
Holat bo‘yicha FVB maʼlumot berdi.

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan omborda yong‘in sodir bo‘ldi.
Qayd etilishicha, 1 iyun kuni soat 21:35 larda Guliston shahar Maʼnaviyat mahallasida joylashgan lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish omborida yong‘in kelib chiqqan. Voqea joyiga zaruriy yong‘in-qutqaruv avtomobillari va vositalari jalb etilgan.
Sodir bo‘lgan yong‘indan binoning tom qismi hamda bino hududida bo‘lgan ikkita yuk tashuvchi avtomobil qisman zararlangan.
Hodisa oqibatida insonlarning halok bo‘lish holatlari kuzatilmagan. Yong‘in bartaraf etilishi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.







