Aksiz solig‘i bosqichma-bosqich birxillashtiriladi
Bu bo‘yicha Prezident Farmoni qabul qilindi.

“Bozor islohotlarini yana-da jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrga qadar:
— eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni;
— samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi Hukumatga kiritiladi.
O‘zbekistonga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkalari quyidagi eng oxirgi muddatlargacha bosqichma-bosqich birxillashtiriladi:
- 2026-yil 1-yanvar – tamaki mahsulotlari uchun;
- 2027-yil 1-yanvar – alkogol mahsulotlari va shakar uchun.







