“Ularning faoliyatini shu bugunning o‘zida to‘xtatish kerak”
Nurmat Otabekov Andijondagi ayrim bog‘chalar haqida gapirdi.

Andijon viloyatidagi ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish holati belgilangan talablar asosida tashkil etilmayotgani aniqlandi.
O‘rganilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom talablari asosida olib borilmayotgani aniqlangan.
Xususan, Shahrixon tumani 52-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi eski bo‘lib, oshxona tashqi va ichki xonalari to‘liq taʼmirtalab, stol, stul va boshqa jihozlar yetishmaydi. Oshxona sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi, tozalash ishlari o‘tkazilmagan, bolalar uchun idish-tovoqlar yetarli emas.
Shuningdek, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Maxsus komissiyasi tomonidan mahsulotlar qabul qilib olinmayotgani natijasida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 2-sonli bog‘chada sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari kirim qilingani maʼlum bo‘ldi.
O‘rganilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taomnomalar nizomga zid ravishda, yaʼni 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tuzilmagan. Tuzilgan taomnoma Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy bo‘limlari bilan kelishilmagan hamda taomnomalarga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.
“Senatdan tashkil qilingan ishchi guruh borib ko‘rgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari ishlashi kerak emas. Ularning faoliyatini shu bugunning o‘zida to‘xtatish kerak. Olib kelingan mahsulotlar noto‘g‘ri saqlanib, tomir otib yuborsa, turgan joyida chirisa… Qaysi oshpaz chirigan yo unib ketgan kartoshkani tashlab yuboradi? Albatta ularni bolalarga yediradi”, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.







