Yoz faslida ko‘zlarni qanday himoya qilish kerak?
Mutaxassis bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

Yozda ko‘z nurining xiralashishiga taʼsir qiluvchi omillar ko‘p. Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov qaynoq faslda ularni zararli taʼsirlardan himoya qilish bo‘yicha bir necha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Quyosh nuridan himoyalovchi ko‘zoynaklar. Ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi ko‘zoynaklar tanlang. Bu ko‘zlaringizni quyoshning zararli nurlaridan asraydi. Keng shlyapa yoxud bosh kiyimlar ham ularni zararli taʼsirlardan saqlaydi.
Ko‘zlarning dam olishini taʼminlash. Uzoq vaqt quyosh yoki yorug‘ muhitda bo‘lganda, ko‘zlarni dam oldirish uchun muntazam tanaffus qiling.
Doimiy ravishda ekranlar (kompyuter, telefon, gadjet) oldida o‘tirishdan saqlaning. Xalqaro amaliyotda ekranlarning zararli taʼsiridan foydalanishda “20-20-20” qoidasi tavsiya qilinadi: har 20 daqiqada 20 soniya davomida 20 fut (6 metr) uzoqlikka qarang.
Gigiyena va ko‘z parvarishi. Qo‘llarni muntazam yuvish va yuzga tegmaslikka harakat qilish orqali ko‘zlarni infeksiyalardan himoya qiling. Shuningdek, ularni tez-tez namlantirib turing.
Sog‘lom ovqatlanish. Ko‘zlar sog‘lig‘i uchun foydali vitamin va antioksidantlar, masalan, A, C, E vitamini, yog‘ kislotalarini o‘z ichiga olgan oziq-ovqatlar isteʼmol qiling. Sabzi, ismaloq, baliq va sitrus mevalar yaxshi manba hisoblanadi.
Yetarli darajada suyuqlik iching. Yoz faslida ko‘proq suv ichish ko‘zlarni qurib qolishdan asraydi.
Quyoshning eng kuchli taʼsirlaridan saqlanish. Quyosh nuri eng kuchli bo‘lgan 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqtda ochiq havoda ko‘p vaqt o‘tkazmaslikka harakat qiling.
Bu choralar ko‘zlaringizni yoz faslida xavfsiz va sog‘lom saqlashga yordam beradi. Agar ularda biror noqulaylik yoki xiralashishni sezsangiz, oftalmologga murojaat qiling.







