800 ming so‘mga Notcoin sotgan talaba qamaldi
U TerDU bitiruvchisi bo‘lgan.

7-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgan talaba yigitga jazo tayinlandi.
Maʼlum bo‘lishicha, 24 yoshli I.N. o‘ziga tegishli telefon va plastik kartada kripto aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanganligi aniqlangan.
Sud majlisida I.N. Notcoin kripto-aktivini 800 ming so‘m evaziga sotganligini, buning noqonuniy ekanligini bilmaganligini, oilada yagona boquvchi ekanligini maʼlum qilib, yengillik berishni so‘ragan.
JIB Chilonzor tuman sudida I.N. MJtK 155-4-moddasining (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.







