Toshkentda 20 yoshli talaba suvda cho‘kib, vafot etdi
U kursdoshlari bilan cho‘milish maqsadida kanalga borgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 3-bosqich talabasi suvda cho‘kib vafot etdi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Zamon.uz'ga maʼlumot berdi.
Hodisa 19 iyun kuni Yakkasaroy tumani Yu.Rajabiy ko‘chasi bo‘ylab oqib o‘tuvchi “Bo‘rijar” kanalida sodir bo‘lgan. 20 yoshli talaba M.I. soat 12:10 larda kursdoshlari F.G‘. va N.S.lar bilan birgalikda cho‘milish maqsadida kelib, suvga tushgan. Suv oqimining tezligi hamda sovuqligi oqibatida u suvdan chiqolmasdan cho‘kib, oqib ketgan.
Toshkent shahar FVB qutqaruvchi g‘avvoslar guruhi tomonidan M.I. shu kuni soat 15:00 larda Chilonzor tumani Beshyog‘och ko‘chasida joylashgan “Toshkent Gidroelektrstansiyalari” “Burjar” 4-GES hududidan aniqlanib, vafot etgan holatda olib chiqilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







