Mo‘g‘uliston Prezidenti Toshkentga keldi
Oliy martabali mehmonni Bosh vazir kutib oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida Mo‘g‘uliston rahbari va uning rafiqasini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqasi bilan birgalikda “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Oliy martabali mehmon majmua meʼmoriy yechimlari hamda kompozitsiyasining mazmun-mohiyati va xususiyatlari bilan tanishdi. Majmua Mo‘g‘uliston delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.
Qayd etish o‘rinliki, mamlakatga tashrif buyurayotgan Oliy martabali mehmonlarning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan bunyod etilgan mazkur muhtasham majmua bilan tanishuvi anʼanaga aylangan.







