Prezident turkiyalik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi
Muloqotda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning “Cengiz Holding” kompaniyasi raisi Mehmet Jengiz va “Kalyon Holding” kompaniyasi raisi Jemal Kalyonju boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish, shu jumladan, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezidentning yaqinda Anqaraga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Kompaniyalar tomonidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
Yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qurish, “yashil” energetika quvvatlarini barpo etish, qo‘shma geologik tadqiqotlar o‘tkazish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish loyihalari shular jumlasidan.
Taʼkidlanishicha, “Cengiz Holding” ishtirokida O‘zbekistonda ikkita loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi – Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 460 megavattli zamonaviy elektr stansiyalar ishga tushirildi. Bundan tashqari, Jizzax viloyatida quvvati 500 megavattdan ziyod bo‘lgan yana bir elektr stansiya qurilishi davom etmoqda.







