Lifestyle

Kitob — hayot yoritgichi

Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab insonlari telefondan bosh ko‘tarmaydigan vaqtda kitob o‘qigan odam eng baxtlisi...

Kitob — hayot yoritgichi

“Kitoblar sizni minglab asr avval dunyodan o‘tgan dohiylar bilan uchrashtiradi”. Tomas Jeffersonning ushbu oltinga teng jumlalari meni doimo kitob o‘qishga undab keladi.

 

Xalqimizda keng tarqalgan “Kitobsiz aql — qanotsiz qush” degan maqol bejiz aytilmagan. Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab insonlari telefondan bosh ko‘tarmaydigan vaqtda kitob o‘qigan odam eng baxtlisi, mening fikrimcha. Chunki inson umrining kerakli lahzalarini kemirib borayotgan telefon kitob o‘quvchilar sonini keskin kamaytirib bormoqda. Siz mutolaa qilayapsizmi — demak siz eng baxtli insonsiz. Sizda asardagi qahramonlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yish, baʼzida kulish, baʼzida esa yig‘lash imkoniyati bor. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

 

Biz maktabimiz o‘quvchilari o‘rtasida ular qanchalik kitob o‘qishayotganligi haqida so‘rovnoma o‘tkazdik. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida shunga amin bo‘ldikki, ular hozirgi kunda kam kitob mutolaa qilayotganligi, baʼzilari esa umuman kitob o‘qimayotganligi dilimizni xira qildi. Eng achinarlisi, hozir o‘qiyman degan yoshlarimiz uchun barcha sharoitlar bor. Ayni paytda kitoblarning elektron hamda qog‘oz variantlari bor bo‘lib, biz bundan foydalanib, istagan vaqtimiz mutolaa qilishimiz mumkin. Tanganing ikkinchi tomoni bo‘lgani kabi baribir qog‘oz variantidek kitob o‘rnini hech narsa egallay olmaydi. Negaki, siz uni o‘qiganingizda kitob hidini his qilasiz, kerakli va muhim joylarini chizib keta olasiz va u doimo siz bilan qoladi. Elektron kitoblarni esa avtobusda, metroda, avtomobilda bemalol o‘qisa bo‘ladi, ammo ular ko‘z nurimizga salbiy taʼsir qiladi.

 

Inson qanday kitob o‘qishiga qarab, uni qanday inson ekanligi bilsa bo‘ladi. Masalan, shunday asarlar bor ularni kamdan-kam insonlar tushunib, mag‘zini chaqib mutolaa qilishadi. Bunday shaxslar irodali insonlar hisoblanadi. Yana kimlardir hikoyalar yoqtirsa, yana kimlardir sheʼriy asarlar yoqtirishadi.

 

O‘zim doimo voqelik aniq, kitobxonlarni zeriktirib qo‘ymaydigan asarlar o‘qishni yoqtiraman. Eng so‘nggi o‘qigan kitobim Qadir Akelning “Avf et, Allohim” nomli asari bo‘lib, asar roman janrida yozilgan. Asar turkiyalik Selin ismli qizning ayanchli hayoti, o‘ziga umuman begona bo‘lgan davlatda boshidan kechirgan qiyinchiliklari haqida yozilgan. Men shuni yana bir bor angladimki, hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi va ana shu bo‘lgan hodisalar tufayli biz Allohga yana-da yaqin bo‘lishni, sabr-toqatli bo‘lishni o‘rganamiz. Biz doimo Allohga yaqin bo‘lishimiz, unga bor vujudimiz bilan ishonishimiz kerak. Agar sizda ikkilanishlar, qo‘rquvlar bo‘layotgan bo‘lsa, aynan shu kitobni o‘qishni tavsiya qilaman.

 

Murakkab hayotda, umr o‘lchovli bo‘lgan zamonda vaqtni iloji boricha isrof qilmaylik. Uni yaxshi narsalarga, kelajagimiz uchun foydali ishlarga sarflaylik.

 

Shahrizoda Hamroqulova,

Yangiyo‘l tumani 6-sonli umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi

Kitob — hayot yoritgichi | Zamon.uz