Samarqandda yana uy qulagani haqidagi videoga oydinlik kiritildi
Holatga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda qo‘shni yana katlovan kavlab qo‘shnisini uyini qulatdi” sarlavhasi ostida videoxabar tarqaldi.
Vazirlikning bildirishicha, tarqatilayotgan materialda holatning aynan Samarqand viloyatida sodir bo‘lganini izohlovchi biror maʼlumot keltirilmagan. Shuningdek, diqqat bilan tinglansa, tasvir ortida insonlarning chet tilida so‘zlashayotganini ham eshitish mumkin.
Tezkor o‘rganish ishlari davomida Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi Bosh boshqarmasi tomonidan viloyatning birorta hududida uy-joy qulashi bilan bog‘liq hodisa ro‘y bermaganligi aniqlangan.
Shu o‘rinda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun qonunchilikda tegishli jazo choralari belgilanganligini eslatib o‘tamiz.







