Endi har kuni 6 soatga “svet” o‘chiriladimi?
Energetika vazirligi tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, vazirlikning 26 iyul sanasida soatlik va kunlik elektr energiyasi isteʼmoli rekordi yangilangani haqidagi xabarida keltirilgan faktlar noto‘g‘ri talqin qilinayotgan holatlar uchramoqda.
Xususan, bir qator Telegram kanallarida biri-biridan ko‘chirib bosilayotgan postlarda yuqoridagi materialda keltirilgan maʼlumot — 26 iyul Toshkent shahrida soat 11 dan soat 17 gacha ayrim isteʼmolchilarga kiritilgan qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar haqidagi fakt “Elektr energiyasi 11 dan 17 gacha o‘chiriladi” mazmunida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
Taʼkidlanishicha, soat 11 dan soat 17 gacha elektr energiyasini o‘chirish rejalashtirilmayapti.
“Energetika vazirligi hech bir hududda bu kabi o‘chirishlarni rejalashtirmayapti. Xabarda faqat kelgusida kuzatilayotgan issiqlik fonida qaysidir hududda ortiqcha yuklama tufayli avariya holati yuzaga kelish ehtimoli paydo bo‘lsa, o‘sha tarmoq yoki transformator toki sovib olguniga qadar qisqa muddat tarmoqdan uzib turilishi mumkinligi aytilgan” , deyiladi munosabatda.







