O‘quvchilar immunitetini oshirish bo‘yicha tavsiyalar
Maktab yoshidagi bola kuniga kamida 4 marta taomlanishi va erta uyquga yotishi maqsadga muvofiq.

Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Qolaversa, oldimizda — kuz fasli. Demak, qariyb uch oylik tanaffusdan so‘ng bolalar organizmi yana o‘quv mavsumiga, maktab rejimiga moslashishi kerak. Xo‘sh, buning uchun shifokorlar ota-onalarga qanday tavsiyalar beradi?
— Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon, — deydi mutaxassis. — O‘g‘il-qizlarning tez-tez betob bo‘lishi, xastalik ko‘p qaytalanishi — ularda immunitet zaifligi belgisi.
Bunga ko‘pincha maktab o‘quvchilari tanasida vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu, noto‘g‘ri ovqatlanish va doimiy psixologik stress sabab bo‘ladi.
Chunki maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar organizmi maʼlum ritmlarga moslashadi. Shu bois bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirgan maʼqul. Bu — immunitetni mustahkamlashda muhim omil.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kechqurun soat 21:00 da uyquga yotib, ertalab soat 7:00 da turishi maqsadga muvofiq. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun yotish vaqti bir soat – 22:00 gacha surilishi mumkin.
Uxlashdan avval kompyuter, planshet yoki telefondan foydalanish uyqu sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Oqibatda bosh miyada melatonin gormoni ishlab chiqarish kamayadi. Bu esa tunda kortizol gormoni miqdorini oshiradi. Oqibatda bolada turli kasalliklarga moyillik paydo bo‘ladi.
Qolaversa, meʼyoriy hordiq immunitetga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm jarayoni jadallashib, kichkintoylar ayni shu soatlarda yaxshi o‘sadi.
Yana bir muhim tavsiya: bola kuniga kamida 4 marta taomlanishi, yaʼni soat 7:30-8:00 da nonushta, 10:30-11:30 da issiq nonushta, 14:00-15:00 da tushlik qilishi, 19:00-19:30da kechki ovqat tanavvul qilishi maqsadga muvofiq.
Fast-fud, tezpishar taomlar, gazlangan ichimliklar, “snek”lar, turli shirinliklar o‘quvchilar organizmini tabiiy vitamin va minerallardan mahrum qilishidan tashqari, har jihatdan sog‘lom o‘sishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Yodlangan osh tuzi, sarxil meva-sabzavotlar isteʼmoli, suv balansi farzandlarimiz salomatligi uchun muhim. Immunitetni oshirishda tabiiy antioksidant vazifasini o‘tovchi asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq piyozning foydasi katta.
A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshka, gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda qo‘l keladigan E vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq.







