Toshkentda transformator yonib ketdi
Oqibatda 80 ga yaqin xonadon elektrsiz qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Maʼlum bo‘lishicha, kecha, 15 avgust kuni kechqurun Sag‘bon ko‘chasida joylashgan 278-sonli quvvati 630 kVa bo‘lgan transformator butkasi atrofida aholi tomonidan to‘plangan chiqindi uyumida yong‘in kelib chiqqan.
Natijada, transformatordan chiquvchi kabel tarmog‘ida ham yong‘in kelib chiqishi oqibatida 80 ga yaqin xonadon elektr quvvatisiz qolgan.
Ayni paytda kelib chiqqan yong‘in to‘liq bartaraf etilgan. Elektr energiyasidan uzilgan xonadonlarda elektr taʼminoti to‘liq tiklangan. Kelib chiqqan yong‘in transformatorga zarar yetkazmagan.







