Jizzaxdagi bog‘chada bolalar ovqatdan zaharlandi
Hozirda ular yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Aniqlanishicha, joriy yilning 2 avgust kuni Paxtakor tumanidagi maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanayotgan I.F. va S.T.lar tana haroratining ko‘tarilishi sababli ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan, bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan gumonlanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha shu kunning o‘zida ushbu nodavlat taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan qolgan 14 nafar bola ham tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokorlarning kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olib borilgan va ularda sog‘ligidan shikoyatlar aniqlanmaganligi tufayli uylariga javob berilgan.
Shuningdek, epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan. Hozirda Paxtakor tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.







