Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili bo‘ldi
U Gender tengsizlik va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlandi.

Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Bu haqida agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva maʼlum qildi.
“Bu qaror qog‘ozdagi gap emas, balki jamiyatimizdagi chuqur ijobiy o‘zgarishlar ramzidir. Diyoraning olimpiadadagi g‘alabasi ilg‘or o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘lib, butun dunyoga O‘zbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida o‘z nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi.
Diyora zamonaviy o‘zbek ayolining serqirraligi – mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni timsoli. Uning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi O‘zbekistondagi barcha ayollar uchun anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada cho‘qqiga chiqishi mumkinligiga o‘ziga xos chorlov bo‘la oldi.
Ishonchim komilki, Diyoraning faoliyati nafaqat mamlakatimizda gender tengligiga erishishni tezlashtiradi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ilg‘or davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi hamda butun dunyo ayollarini ruhlantiradi”, deyiladi xabarda.







