Toshkentda 300 ga yaqin olimlar ishtirokida VIII Xalqaro Kongress boshlandi
U “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Bugun, 23-avgust kuni Toshkent shahrida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida o‘tkazilayotgan anʼanaviy VIII Xalqaro Kongress boshlandi.
Qayd etilishicha, ushbu nufuzli Kongress 300 ga yaqin xorijlik va mahalliy mutaxassislar, ekspertlar, yetuk olimlar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, diniy soha vakillarini bir maydonda birlashtiradi.
4 kun davomida Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Kongressning maqsadi – Yangi O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yo‘li, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, xalqimizning boy madaniy va maʼnaviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda ommalashtirishda mahalliy olimlar va xalqaro ilmiy ekspertlar hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan.
Joriy yilda Butunjahon jamiyatining anʼanaviy xalqaro kongressi bevosita O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Kongressda eʼtibor ko‘proq markazning kutubxona va muzeylari fondini xalqaro andozalarga mos, bugungi kun talablaridan kelib chiqib boyitish, markaz faoliyatini yana-da kengaytirishga qaratilmoqda.
Kongress kun tartibidan Birinchi va Ikkinchi Sharq renessanslarining buyuk olimlari va faoliyati asosida O‘zbekistonning boy madaniy va ilmiy merosini kengroq o‘rganish hamda ommalashtirish, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish kabi masalalar ham o‘rin olgan.
Kongressda TURKSOY Bosh kotibi Sulton rayev, Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Kilich, “Al-Furqan” Islom merosi jamg‘armasining Ijrochi direktori Sali Shahsivari, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti, akademik Shohin Mustafayev, Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi, professor Frederik Starr, “Islom olimlarining 1001 kashfiyoti” loyihasi asoschisi va bosh prodyusseri Ahmad Salim singari dunyoning 35 ta davlatdan 300 ga yaqin olimlar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.







