Samarqandda olimlarning taqdimotlari o‘tkazilmoqda
Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeyining ko‘rgazmalari namoyish etilmoqda.

Samarqandda ish boshlagan VIII Xalqaro Kongress doirasida olimlarning turli mavzulardagi taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Taqdimot mavzular turlicha, jumladan, “Markaziy Osiyo islomgacha bo‘lgan davrda”, “Jaholatga qarshi maʼrifat: islom maʼnaviy merosini ommmalashtirishning dolzarb masalalari”, “Taʼlim va fan islom sivilizatsiyasining asosi”, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida”, “Arxitektura, sanʼat va hunarmandchilik: kelajak uchun meros”, “Innovatsion muzeylar – kelajak muzeyi: Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy muzeylari ko‘rgazmasida yangi texnologiyalar”, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida”: dunyo va milliy kolleksiyalar bo‘yicha ishlarning yangi yo‘nalishlari” va hk.
Milliy mutaxassislar hamkorlikdagi loyihalarni, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy muzeyining ko‘rgazmalari bo‘yicha videoroliklar namoyish etmoqda.
26 avgustgacha davom etadigan Kongress kun tartibi doirasida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, uni saqlash va ommalashtirish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasining qimmatli madaniy va maʼnaviy mulkini kelajak avlodga yetkazish kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Eng muhimi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kelgusi rejalari va loyihalari, xususan, Markaz muzeyining bo‘limlari haqida maʼlumot beriladi. Shuningdek, keng qamrovli tashabbuslarga, interaktiv loyihalarga, muhokamalarga boy va yangiliklardan iborat “Ilm-fan va taʼlim”, “Shaharsozlik va meʼmorchilik”, “Sanʼat va badiiy hunarmandchilik”, “Anʼanalar”, “Yangi O‘zbekiston – uchinchi Renessans”, “Davlatchilik tarixi” bo‘yicha ko‘plab muhim taqdimotlar ham kongress kun tartibidan o‘rin olgan.
Kongress davomida zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy merosni saqlash va qayta tiklash masalalari, shuningdek, madaniy boyliklarni yosh avlodga yetkazishda yangi innovatsion yondashuvlarga alohida eʼtibor qaratiladi.







