Elektr stansiyalari kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Hozirda IESlarda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “O‘zbekenergotaʼmir” AJ issiqlik elektr stansiyalaridagi 53 ta energo qurilmani mavsumga hozirlash maqsadida mukammal, o‘rta va joriy taʼmirlash ishlarini bosqichma-bosqich olib bormoqda.
Jumladan, energetika tizimida yirik elektr stansiyalari hisoblanuvchi Toshkent va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida ham bu borada yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu yerda zamonaviy energoqurilmalar qatorida anʼnaviy energobloklarni modernizatsiya qilish, ularni raqamlashtirish va ishlab chiqarishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi.
Toshkent issiqlik elektr stansiyasining 9-son energoblokida mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Xususan, taʼmir ishlari davomida energoblokning qozon qurilmasi, turbinaning yuqori va past bosim rotorlari ishchi kuraklari, generator hamda transformatorlarida ishlar olib borildi.

Ushbu ishlarni sifatli va o‘z muddatida amalga oshirish maqsadida “O‘zbekenergotaʼmir” AJ 200 nafarga yaqin malakali mutaxassislari jalb etildi.
Remont kampaniyasining samarali tashkil etilishi natijasida ushbu energoblokning ishlab chiqarish quvvati 140 MVtdan 150 MVtga yetkazildi.

Tizimning raqamlashtirilishi orqali yoqilg‘i sarfi kamayishiga, natijada mahsulot tannarxi pasayishiga erishildi. Bu esa yiliga 458,6 ming kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinishi imkonini beradi. Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning tashlamalari miqdori 108,4 tonnaga kamaytiriladi.
Navoiy issiqlik elektr stansiyasida esa 3-son energoblokda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Taʼmirlash davrida qozon va turbina agregatlarida texnik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu ishlarga “O‘zbekenergotaʼmir” AJ 250 nafar, stansiyaning 50 nafar ishchi-xodimlari jalb etildi.

Taʼmirlash ishlarini bajarish natijasida qurilmalarning texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanib, ishonchli ishlash darajasi oshirildi.
Xususan, o‘rnatilgan quvvati 150 MVt bo‘lgan 3-energoblok taʼmirlanishi natijasida yil yakuniga qadar 5 mln kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.







