Urganch davlat universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
Universitet tomonidan tender o‘tkazish qoidalari buzilgan.

Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi viloyat prokuraturasining topshirig‘iga asosan Urganch davlat universitetida o‘rganish ishlarini o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida universitet tomonidan Xorazm viloyati qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markaziga yuborilgan anketada "7 qavatli, 600 o‘rinli talabalar turar joy binosi qurilishi" obyektini sohaviy mansubligi va xavf-xatar toifasi II-toifa qilib belgilanganligi maʼlum bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yildagi 496-sonli qaroriga asosan, 9 qavatgacha bo‘lgan Oliy taʼlim muassasalari III-toifa sifatida "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozimligi qayd qilingan.
Urganch davlat universiteti tomonidan III-toifa sifatida "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozim bo‘lgan obyektni II-toifa qilib belgilashi natijasida boshqa viloyatdagi qurilish tashkilotlarining tenderda ishtirok etishi cheklangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan Urganch davlat universitetiga nisbatan "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash yuzasidan tegishli sud organiga maʼlumotlar yuborildi.







