Chegarada 44 ta “Iphone 16” to‘xtatib qolindi
Ularning qiymati 900 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tuzilmalari tomonidan viloyat DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda chegaradosh hududda avvaldan tezkor kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Lacetti” avtotransport to‘xtatilib belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 44 dona “Iphone 16 ProMax” rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.
Mazkur telefonlarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 900 mln. so‘mni tashkil qilmoqda. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







