Asrlarni bog‘lagan meros: kashfiyotlar, hayratlar va maqsadlar
Toshkentdagi xalqaro madaniy meros haftaligi qanday o‘tdi?

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati, uning istiqboli shu kunlarda dunyo olimlarining eʼtiborida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Sharq Renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” O‘zbekiston madaniy merosi haftaligining yalpi yig‘ilishida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin isbotini topdi.
Uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengash, Xalqaro ekspertlar kengashi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining kengaytirilgan ilmiy kengashining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Toshkentning tarixiy markazida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining ilm-fan, islom taʼlimoti va tarixi, maʼnaviyat va maʼrifatga doir barcha maʼlumotlarni eng so‘nggi raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt yangiliklarini o‘zida mujassam etgani holda ifoda etishiga oid reja va loyihalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Anjumanga mamlakatimiz va xorijning yetakchi tarixchi, qadimshunos olimlari, ekspertlar, muzeyshunoslar, restavratorlar, din sohasi vakillari, xattotlar, musavvirlar va dizaynerlar, zamonaviy raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, sharqshunos olimlar, adib va ijodkorlar taklif etildi.
_1.webp)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari maʼrifiy sohalardagi tub ijobiy o‘zgarishlar bilan hamohang ekanini taʼkidladi.
– Yangi O‘zbekistonning yorqin va yuksak maʼnaviy timsoli bo‘lmish Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida barpo etilayotgani, bunday madaniy meros haftaliklarining yuqori saviyada o‘tkazilayotgani mamlakatimizning qaytadan ilm-fan, maʼrifat markaziga, Uchinchi Renessansning makoniga aylanayotganidan darak beradi, – dedi Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov. – Bugun qadimiy va betakror diyorimizda tabarruk nomlari jahonga mashhur bo‘lgan, hayoti va faoliyatini mehr qo‘yib o‘rganadigan ne-ne buyuk zotlarning ilm-fan dunyosini munavvar qilgan tafakkur mashʼali yana porlamoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu boradagi saʼy-harakatlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida madaniy, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda amalga oshirilayotgan mega loyihadir. Ushbu maskan bir vaqtning o‘zida bizning davlatchiligimizning tarixi va anʼanalari, qadriyatlarini ifoda etishi bilan birga, mamlakatimizning zamonaviy va kelajakdagi istiqbolini o‘zida aks ettirgan Taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalarini ham o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Barchamiz yaxshi tushunamizki, faqat o‘tmish, buyuk ajdodlar bilan faxrlanish bilan cheklanib, uzoqqa borib bo‘lmaydi. Biz ajdodlarimiz qo‘lga kiritgan yuksak marralarga tayanib, yangicha tafakkur asosida yangi hayot, yangi jamiyat, yangi sivilizatsiyani barpo etishga, bugungi global dunyoda o‘zimizning munosib o‘rnimizni egallashga azmu qaror qilganmiz. Shu maʼnoda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi erkin va mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va texnologiyalarni puxta egallagan yoshlarni – yangi sivilizatsiya bunyodkorlarini kamol toptirishga xizmat qilmog‘i kerak.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov mamlakatimizda yaqindagina baland ruhda o‘tkazilgan hamda xalqaro hamjamiyat eʼtibori va eʼtirofiga sazovor bo‘lgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” hamda Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarning yuqori saviyada o‘tkazilgani maʼrifiy islohotlarning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga mazkur nufuzli xalqaro anjumanlarning ishtirokchilari mamlakatimizda diniy va dunyoviy yo‘nalishdagi ezgu saʼy-harakatlar moʻtadilligi, buyuk ajdodlar merosiga tayanishi, xalqimizning ezgu maqsad-muddaolariga hamohang ekanini namuna sifatida qayd etgani ahamiyatga molikdir.
Anjumanda TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, atoqli adib va publitsist Sulton Rayev tabarruk O‘zbekiston diyori azaldan qadimiy ilm-fan, madaniyat va sanʼatning bebaho beshigi bo‘lishi bilan birga ushbu ilmiy meros turkiy xalqlar, umuman bashariyat uchun g‘oyat qadrli ekanini taʼkidladi.
—Maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan yangilanishlarning yorqin natijalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, uzoqni ko‘zlab olib borayotgan insonparvar, maʼrifatparvar, tinchlikparvar siyosatining amaliy natijasidir, – dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev. – Bugun O‘zbekiston maʼnaviy-intellektual merosni asrab-avaylash, uni qayta tiklash va targ‘ib etishda mislsiz natijalarga erishmoqda. Bu yo‘nalishdagi ezgu va keng qamrovli saʼy-harakatlar g‘oyat ibratlidir.
IRCICA tashkiloti direktori, professor Maxmud Erol Qilich o‘zbek diyoridan yetishib chiqqan Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari allomalarning merosi Yevropa taraqqiyot nuqtasining boshlanishi bo‘lganini qayd etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan Uchinchi Renessansning yo‘llari ham buyuk allomalarning ana shu tarixiy, falsafiy merosiga asoslanishini taʼkidladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov yetti yil muqaddam Prezidentimiz BMT minbaridan turib, Islomning haqiqiy gumanistik mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish eng muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidlaganini qayd etdi. 2017 yil 23 iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori qabul qilindi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi.
2018 yil iyun oyida Prezident Markazning poydevoriga shaxsan dastlabki ramziy toshni qo‘ydi va “Bu markaz qurilishining maqsadi – islom maʼrifatini o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning merosini, avvalo, xalqimiz va jahon hamjamiyatiga yetkazish“, – deb taʼkidladi. Bugungi kungacha hurmatli Prezidentimiz bir necha bor Markazga shaxsan tashrif buyurgan va loyiha hamda qurilish jarayonlari bilan tanishgan.
Taʼkidlash joizki, Markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘nga yaqin farmon, qaror va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Albatta, o‘tgan yetti yil mobaynida katta ishlar amalga oshirildi. Ammo bugun bu yirik mega loyihani hayotga joriy etish uchun mahalliy va xalqaro darajadagi olimlar, mutaxassislar va ekspertlarning tajribasi va maslahatlari juda zarurdir.
Anjuman davomida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining kelgusidagi faoliyati, qiyofasi, uning tuzilmalariga doir rang-barang va qiziqarli loyihalar taqdim etildi.
Turkiyalik transmedia loyihalar prodyuseri Ahmad Salimning “O‘zbekistondan dunyoga 1001 ixtiro”, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevaning “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi”, Fransiyaning “Vilmot” kompaniyasi ijrochi direktori Borina Andriyening “Meʼmoriy yechimlar, interyer dizayn va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi ssenografiyasi”, Rossiyaning “Sberbank” moliyaviy tuzilmasi xalqaro bo‘lim boshlig‘i Oleg Kapitovning “Sunʼiy intellekt xalqlar uchun. Merosni asrab, kelajakni qurish”, Turkiyadagi Ourdoors Factory kompaniyasi bosh direktori Sinan Turamanning “Imom Buxoriy innovatsion muzeyi”, Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi bosh direktori Aleksandr Usning “Uchinchi Renessans” nomli innovatsion loyihalarining taqdimoti anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur ijodiy loyihalar Islom sivilizatsiyasi markazi muhtasham binosining kelgusidagi tuzilishi, serqirra maʼrifiy faoliyati haqida to‘laqonli tasavvur bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Anjuman yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati “Yo‘l xaritasi”ga kiritilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida batafsil so‘z yuritildi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yaqin paytlar ichida ilm-fan, tarix, madaniyat, maʼrifat, eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan munavvar, muhtasham, muazzam maskanga aylanishi aniq.







