Kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
Bu haqida Oliy taʼlim vazirligi xabar berdi.

Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida oliy taʼlim muassasalarining quyidagi bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning muddati 2024 yil 1 dekabrga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi:
➖bazaviy yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-bosqich);
➖PF–213-son (31.08.2022-y.) Farmoni asosida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-bosqich);
➖o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.
Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25 foizi miqdorida, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (Super) asosida o‘qish istagini bildirganlar, ular uchun belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizi miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.







