Boyovut tumani hokimiga chora ko‘rildi
Hokim fermerni haqoratlab, IIBga uni qamab qo‘yishni buyurgandi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga tegishli ekani aytilgan audioyozuv tarqalgandi.
Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, audioyozuvning haqqoniyligi, holat qachon, qayerda va qanday vaziyatda yuz berganligiga oydinlik kiritilib, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishida keskin tanqidiy muhokama etilgan.
Komissiya tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish, deb baholangan.
O‘z navbatida tuman hokimi holat bo‘yicha tushuntirish bergan. Yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytgan.
Hozirda yig‘ilish bayonnomasi asosida Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.







