Farg‘onada 46 yoshli erkakning jasadi topildi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida ariqdan 46 yoshli erkak o‘lik holda topildi. Bu haqida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 2 noyabr kuni soat 08:30 da Farg‘ona shahrining “Cheksho‘ra” MFY Charog‘on ko‘chasidan o‘tgan ariqdan nomaʼlum shaxsning murdasi tan jarohatlarisiz topilgan.
O‘lim sababini aniqlash maqsadida tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, erkakning o‘limiga nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan, uning tanasida jarohatlar aniqlanmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







