Toshkentdagi maktabda o‘quvchilar karta o‘ynadimi?
Tarmoqda tarqalgan video yuzasidan maʼlumot berildi.

Ijtimoiy tarmoqda Olmazor tumanidagi 234-maktab o‘quvchilari dars vaqtida karta o‘ynab o‘tirgani aytilgan video tarqalmoqda. Holatga Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 14 dekabr kuni 1-soatdan so‘ng 9-“A” sinf o‘quvchilari karta emas, “Uno” o‘yinini o‘ynaganligi aks etgan videolavha tarqalgan. Mazkur xabar eʼlon qilingach, maktab maʼmuriyati tomonidan sinf rahbari, psixolog ishtirokida 9-“A” sinf o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, maktab maʼmuriyati navbatdan tashqari o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘qituvchi va sinf rahbarlariga o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab, o‘z tavsiyalarini bergan.







