Endi metroda yo‘l haqini kaft bilan to‘lash mumkin
Metroning 12 ta bekatida ushbu amaliyot yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent metrosida “MyID Palm” kaft rasmi bo‘yicha to‘lov tizimi ishga tushirildi.
Yo‘lovchini biometrik identifikatsiya qilish uchun kaftdagi tomirlar hosil qilgan rasmni skanerlash texnologiyasi qo‘llaniladi. Tizim mahalliy ishlab chiquvchilar tomonidan Transport vazirligi, “ATTO” transporti to‘lov xizmati va “Octobank” bilan hamkorlikda yaratilgan.
Ishlab chiquvchilar foydalanuvchi maʼlumotlarini ishonchli himoya qilishni vaʼda qilishmoqda. Texnologiya ruxsatsiz kirish va biometrik profillarni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaydi, deya taʼkidlanadi xabarda.
“MyID Palm” skanerlari Chilonzor liniyasining “Olmazor"dan “Buyuk ipak yo‘li"gacha bo‘lgan 12 ta yer osti stansiyasida sinov rejimida ishlamoqda. Yaqin vaqt ichida tizim qamrovi barcha stansiyalarga kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Tizimdan “ATTO” transport kartasi va o‘rnatilgan servis ilovasi bo‘lgan smartfon mavjudligida foydalanish mumkin. Buning uchun biometrik profil yaratish va ular mavjud bo‘lgan metro bekatlaridan birida infokioskda kaftlarni skanerlash talab etiladi.
Bundan tashqari, “Octobank” mobil ilovasida “MyID Palm” funksiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Uning foydalanuvchilari yo‘l haqini to‘lash uchun istalgan bank kartasini ulashi mumkin.







