Yangi yil dasturxoni: To‘g‘ri ovqatlanishni unutmang
Mutaxassislar bu bo‘yicha ayrim tavsiyalarni berishdi.

Yangi yil yaqinlashgani sari uy bekalarining tashvishlari ortadi. Ular bayram dasturxoniga tortiladigan yegulik va ichimliklar ro‘yxatini kamida bir oy oldin xayolida shakllantirib oladi, keyin esa ularni xarid qilishga kirishadi.
Biroq bayram dasturxoniga tortiladigan o‘nlab turdagi yeguliklar, taomlar, pishiriqlar va shirinliklar har qanday odamning ishtahasini qitiqlab, to‘g‘ri ovqatlanish meʼyoridan chiqarib yuborishi mumkin.
Ovqat to‘liq hazm bo‘lmasdan yana taom yeyilsa, hazm jarayoni og‘irlashadi. Jigar, buyrak va oshqozon osti bezi kasalliklari bor kishilarda noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli ushbu xastaliklar kuchayishi ehtimoli yuqori. Sodda qilib aytganda, ovqatga to‘lgan meʼdaning harakat funksiyasi sustlashadi va oshqozondagi oziq moddalarning shira bilan aralashuvi qiyinlashib, hazm jarayoni izdan chiqadi.
Bu kabi noxush holatlarga barham berish uchun mutaxassislar tomonidan, avvalo, ovqatlanish tartibiga qatʼiy rioya etish va kun davomida sabzavotli salatlar, oshko‘klar, ho‘l mevalardan oz-ozdan yeyish tavsiya qilinadi. Negaki, tabiiy mahsulotlar tez hazm bo‘ladi, boz ustiga, ular meʼdamizga og‘irlik qilmaydi.
Mutaxassislar quyidagilarni ham tavsiya etadi:
— birdagina ko‘p ovqat yeb qo‘ymaslikka eʼtibor bering;
— asosiy ovqatlardan oldin sabzavotli va mevali salatlarni isteʼmol qilish durust;
— ovqatni ko‘katlar va xom holdagi sabzavotu mevalardan tayyorlangan salatlar bilan qo‘shib isteʼmol qilish ham hazm jarayonini meʼyorlashtiradi;
— ora-orada olma sharbatini iching, bu ovqat hazmida foydali;
— taom harorati meʼyorda bo‘lishi kerakligini ham esdan chiqarmang;
— ovqatlar oralig‘ida ko‘k choy ichsangiz bo‘ladi, ammo muzdek ichimlikdan tiyilgan yaxshi;
— ovqatdan keyin harakatlanish tavsiya etiladi, piyoda sayr qilsangiz yana-da yaxshi;
— xamirli, yog‘li, qovurilgan ovqatlarda ham meʼyorni bilish muhim. Ulardan keyin qatiq va qatiqli salatlar va oshko‘klar tanavvul qilsangiz, tezda foydasini ko‘rasiz;
— yog‘siz go‘sht yoki parhezbop tovuq go‘shtidan foydalaning;
— mevali tort va kaloriyasi past shirinliklardan isteʼmol qiling;
— taomlarni shu kunning o‘zida tayyorlash katta ahamiyatga ega va bu jarayonda ko‘proq o‘simlik yog‘laridan foydalaning;
— sho‘r bodring, tuzlama va konservalardan tiyilsangiz, o‘zingizga foyda;
— dudlangan go‘sht mahsulotlari, mayonezli salat va pishiriqlar hamda gazlangan ichimliklardan ortiqcha foydalanmaslik maqsadga muvofiq.
Umuman, to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat bayram kunlari, balki hamma vaqtda birdek muhim. Bunga amalga qilganlar bayramni yaxshi kutib oladi va bir umr salomat bo‘ladi.







