Surxondaryoda supurgilar ichidan 612 kg “gashish” chiqdi
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Kecha, 9 fevral kuni Surxondaryo viloyatidagi “Termiz avtoyo‘llari” xalqaro o‘tkazish punktida yuk mashinasiga ortilgan 22 ming 500 dona xo‘jalik supurgilari Bojxona qo‘mitasi va DXX chegara qo‘shinlari tomonidan ko‘zdan kechirildi.
Tadbirda 2 986 dona supurgilarning dastaklari orasiga aynan supurgi rangiga mos ravishda sariq rangdagi skoch bilan o‘ralgan o‘rtacha 25 sm uzunlikdagi poliyetilen o‘ramlar topilgan. Ularning ichida o‘rtacha 200 gr og‘irlikdagi o‘tkir hidli to‘q jigarrang giyohvandlik vositalari olingan hamda ular ekspress analiz natijalariga ko‘ra, «gashish» giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi. Zahri qotilning umumiy og‘irligi o‘ramlari bilan birga 612 kilogrammni tashkil qiladi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.







