Bog'chada 6 yoshli bola igna bilan jarohatlandi
Aybdor talaba jarimaga tortildi.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida 10-fevral kuni noxush holat yuz berdi. Bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun kelgan kasb-hunar maktabi talabasi 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchgani ma’lum bo‘ldi.
Voqeani bolalardan biri onasiga aytib bergan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, farzandi dastlab do‘stlariga igna sanchilganini aytgan, lekin keyinchalik faqat o‘zi jarohat olganini tan olgan. Holatdan shubhalangan ota-ona bolani videoga olib, uning tanasidagi izlarni hujjatlashtirishgan.
Aniqlanishicha, bog‘cha tarbiyachisi imtihon topshirish uchun vaqtincha ketgani bois bolalarni nazorat qilish amaliyotchi talabaga topshirilgan. Ayni shu paytda talaba qiz bolani igna bilan jarohatlagan.
Tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra, bolaning tanasida yengil tan jarohati qayd etilgan. Sud qaroriga binoan, aybdor talaba BHMning bir baravari miqdorida jarimaga tortildi.







