Farg‘onada o‘g‘lini o‘ldirgan erkak 10 yilga qamaldi
Fojiaga avtomobildan foydalanish borasidagi janjal sabab bo'lgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, jabrlanuvchi o‘g‘il boshqa bir kishidan avtomobil ijaraga olib foydalangan, keyinchalik esa uni 2 700 AQSh dollari evaziga garovga qo‘ygan. Ota qarzni to‘lab, mashinani egasiga qaytargan, biroq o‘g‘il o‘sha xatoni yana takrorlagan. O‘zida mashina qolmaganidan norozi bo‘lib, otasining ijaraga olgan Lacetti’sidan foydalanmoqchi bo‘lgan va shu sabab ota-bola o‘rtasida yana mojaro kelib chiqqan.
Janjaldan keyin ota turmush o‘rtog‘ining ijaradagi uyiga ketgan, lekin o‘g‘il uning ortidan borib, yana mojaroni davom ettirgan. U otasini haqorat qilib, mashinani har qanday yo‘l bilan tortib olishini aytgan. Shundan so‘ng, ota o‘g‘lini bolalar xonasiga olib kirib, uni avval dazmol bilan, so‘ngra tikuv mashinasi va ventilyator bilan urgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Sud ishi Marg‘ilon shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.







