Amerikalik qiz o‘zi o‘qigan maktabni sudga berdi
U maktabni aʼlo bahoga bitirgan, lekin yozishni bilmaydi.

AQSHning Konnektikut shtati, Xartford shahrida yashovchi 19 yoshli Aleysha Ortiz maktabni aʼlo baholar bilan tamomlagan bo‘lsada, o‘qish va yozishni bilmaydi. U maktab tizimi yetarlicha taʼlim bermaganini aytib, Xartford taʼlim kengashiga qarshi sudga murojaat qildi. Ortiz maxsus taʼlim xizmatlaridan yetarli darajada foydalana olmaganini va bu uning kelajagiga jiddiy taʼsir ko‘rsatganini taʼkidlamoqda.
Ortiz o‘quv yillarida leksiyalarni o‘rganishga qiynalgan, ammo unga mos keluvchi taʼlim metodlari qo‘llanilmagan. U uy vazifalarini bajarishda matnni ovozga aylantiruvchi texnologiyalarga tayanib ishlagan. Natijada, texnologiyaning yordami bilan imtihonlardan o‘tgan bo‘lsada, anʼanaviy usulda o‘qish va yozishni o‘rganmagan. Uning onasi maktab rasmiylaridan qiziga yordam berishlarini so‘ragan, biroq yetarli natijaga erishilmagan.
Ortiz bugungi kunda Konnektikut universitetida o‘qimoqda va taʼlim muassasalari rahbariyatining javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda. U maktab rahbariyatining eʼtiborsizligi sababli ko‘plab bolalar o‘z huquqlaridan mahrum bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
“Mendan o‘qish va yozishni o‘rganish imkoniyatini olib qo‘yishdi. Endi esa men oliygohda o‘qiyapman va taʼlim olish imkoniyatimdan to‘liq foydalanishni istayman”, — deydi u.







