Madaniyat va sport sohalariga xususiy sektor jalb qilinadi
Bu bo‘yicha takliflar Prezidentga taqdim etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Iqtisodiyotda davlat ulushini keskin qisqartirish bo‘yicha mamlakatimizda katta islohotlar olib borilmoqda. 2019 yilda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida” qonun qabul qilingani bunga keng yo‘l ochdi.
Bunday sheriklik ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayapti. Masalan, 1 million 200 ming o‘rinli xususiy bog‘chalar ochilgani tufayli qamrov darajasi 77 foizga chiqdi. Oliy taʼlim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan taʼminlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqori.
Shunga qaramay, bu borada hali imkoniyat ham, talab ham ko‘p. Taqdimotda tibbiyot, taʼlim, madaniyat va sport yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy taʼlim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.
Xususan, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida ko‘p tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan bo‘lib, yana qo‘shimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.
Shu kabi bo‘sh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy sohadagi vazirliklar hamda mahalliy hokimliklarga tegishli obyektlar kesimida “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlab, ijrosini taʼminlash, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.







