Qashqadaryoda suv ombori ochib yuborildi
Oqibatda baliqlar ham chiqib ketgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi suv omborlaridan biri ochib yuborilgani, suvga qo‘shilib millionlab mayda baliqlar ham oqib chiqqani haqidagi xabarlar tarqaldi va keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ushbu suv ombori Yakkabog‘ tumanidagi sel suvlarini yig‘ishga mo‘ljallangan Qizilsuv suv ombori hisoblanadi. Hudud No‘g‘ayli qishlog‘iga qarashli bo‘lgani bois, xalq tilida No‘g‘ayli suv ombori deb ham yuritiladi.
“Suvni ochishimizga sabab qurilgandan buyon tiklash- taʼmirlash ishlari bajarilmagan edi. Avariya eshigi, sanitar quvurlarida taʼmirlash- tiklash ishlarini olib borishimiz kerak edi. Yaʼni ularni yangisiga almashtirishimiz zarur. Chunki ularning yillar o‘tib yemirilishi oqibatida suv sizish holatlari kuzatilayotgandi. Suvni to‘liq quritmasdan esa bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun xabarnoma asosida suvni chiqarganmiz. Qizilsuv suv omboridan chiqqan suv Yakkabog‘ gidrouzeli orqali Chimqurg‘on suv omboriga tashlangan. Shunchaki suv oqizib yuborilgani yo‘q”, deydi masʼullar.
Taʼmirlash- tiklash ishlarini uzog‘i bilan to‘rt kun ichida tamomlanadi va suv omborida qaytadan suv yig‘ishni boshlanadi.







