Qandli diabet xavfini kamaytiradigan meva va sabzavot aniqlandi
Kuniga bir necha bo‘lak mango is'temol qilish insulin sezgirligini oshirishga yordam beradi.

So‘nggi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, mango va sabzi iste’moli qondagi qand miqdorini tartibga solib, insulin sezgirligini oshirishga yordam beradi. Illinoys Texnologiya Instituti tadqiqotchilari mangoning ortiqcha vaznli yoki semiz odamlarda insulin darajasini pasaytirish va organizmning uni qayta ishlash qobiliyatini yaxshilashga yordam berishini aniqlashdi. Tadqiqotda 48 nafar 20-60 yosh oralig‘idagi kishi ishtirok etgan bo‘lib, ular kuniga ikki porsiya yangi mango (taxminan 100 kaloriya) iste’mol qilishdi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mango insulin sezgirligini oshiradi, organizmdagi yallig‘lanish darajasini kamaytiradi va qandli diabet xavfini pasaytiradi. Shuningdek, bu meva ortiqcha vaznga ta’sir qilmaydi, ya’ni uni iste’mol qilish semirishga olib kelmaydi.
Bundan tashqari, Janubiy Daniya universiteti (SDU) olimlari sabzi ham qondagi glyukoza miqdorini barqarorlashtirishga yordam berishini aniqlashgan. Sabzi ichak mikroflorasini yaxshilaydi va metabolizm jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa 2-toifa diabetni oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
Olimlarning fikricha, ratsionga mango va sabzini qo‘shish yurak-qon tomir tizimini yaxshilashga ham yordam beradi. Ushbu tadqiqot meva va sabzavotlarni diabet va boshqa surunkali kasalliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqladi.







