Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi
Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

“Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, quyidagi imkoniyatlarga ega “Tadbirkor ayollar” platformasi 2025 yil 1 iyulgacha ishga tushiriladi:
— ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga ko‘maklashish;
— o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;
— zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish;
— loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topish.
2025 yil 1 maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi:
— o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
— kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
— mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.
2025 yil 1 avgustgacha Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish strategiyasi tasdiqlanadi.
Yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.







