Qondagi gemoglobin miqdorini oshirish bo‘yicha tavsiyalar
Zaiflik, soch to‘kilishi, xotira buzilishi kamqonlik alomatlari bo'lishi mumkin.

Gemoglobin – qon tarkibidagi asosiy oqsillardan biri bo‘lib, organizmning kislorod bilan ta’minlanishida katta rol o‘ynaydi. Uning yetarlicha bo‘lmasligi zaiflik, bosh aylanishi, soch to‘kilishi kabi muammolarga olib kelishi mumkin. Gemoglobin darajasi pasayishining eng keng tarqalgan sababi temir tanqisligi anemiyasi hisoblanadi. Ayniqsa, ayollar, homiladorlar, qariyalar va doimiy ravishda qon topshiradigan kishilar bu muammoni boshdan kechirishi mumkin.
Shifokorlar gemoglobin miqdorini oshirish uchun dori vositalaridan tashqari, temir va vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilishni tavsiya etadi. Quyidagi 9 ta mahsulot esa qon tarkibini yaxshilashga yordam beradi.
1. Qizil go‘sht va jigar
Mol yoki qo‘y go‘shti gemoglobin ko‘tarish uchun eng yaxshi tabiiy manbalardan biri hisoblanadi. Jigar esa temir va foliy kislotasi bilan boy bo‘lib, qonni kislorod bilan to‘ldirishga yordam beradi.
2. Bargli sabzavotlar
Ismaloq, brokkoli, sholg‘om barglari va kale kabilar organizm uchun foydali temir manbalaridir. Ularni C vitaminiga boy mahsulotlar bilan iste’mol qilish tavsiya etiladi, chunki bu temirning so‘rilishini yaxshilaydi.
3. Dukkaklilar
No‘xat, loviya, yasmiq kabi mahsulotlar nafaqat temir, balki oqsil va kletchatkaga ham boy. Ular kamqonlikning oldini olish va qizil qon hujayralarini ko‘paytirishga yordam beradi.
4. Anor
Anor va anor sharbati gemoglobin miqdorini oshirishda samarali hisoblanadi. Bu meva tarkibida temir, vitaminlar va antioksidantlar mavjud.
5. Lavlagi
Lavlagi qon ishlab chiqarish jarayonini faollashtiradi va organizmdagi temir yetishmovchiligini bartaraf etishga yordam beradi. Lavlagi sharbatini ichish yoki uni salatlarga qo‘shish mumkin.
6. Xurmo va boshqa quritilgan mevalar
Xurmo, mayiz, o‘rik qoqisi gemoglobin darajasini oshirishga yordam beradi. Biroq, yuqori shakar miqdori sababli diabetga moyil kishilar bularni me’yorida iste’mol qilishlari lozim.
7. Qovoq urug‘lari
Temir, magniy va ruxga boy bo‘lib, qon aylanishini yaxshilaydi. Salatlarga qo‘shish yoki gazak sifatida iste’mol qilish mumkin.
8. Tarvuz
Tarvuz tarkibidagi temir va C vitamini organizmga temirni tezroq so‘rishga yordam beradi. Yoz faslida foydali va tabiiy vosita hisoblanadi.
9. C vitaminiga boy mahsulotlar
Apelsin, limon, greypfrut, bulg‘or qalampiri, pomidor va rezavor mevalar temirning yaxshi so‘rilishiga yordam beradi. Kunlik ratsionda ushbu mahsulotlarni ko‘paytirish tavsiya etiladi.
Gemoglobin pasayishiga faqat temir tanqisligi sabab bo‘lmaydi. Shuning uchun shifokor bilan maslahatlashish va qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish muhim.
Ratsionni temir va vitaminlarga boy mahsulotlar bilan boyitish gemoglobin miqdorini tabiiy ravishda oshirishga yordam beradi.
Kamqonlik darajasi jiddiy bo‘lsa, faqatgina ovqatlanish bilan uni bartaraf etish qiyin bo‘lishi mumkin, shuning uchun kerak bo‘lsa shifokor tomonidan belgilangan dorilar qabul qilinishi lozim.







