O‘simlik moylari salomatlikka zararlimi?
Olimlar noto‘g‘ri qarashlarni inkor etmoqda.

Stenford universitetining Profilaktika tadqiqotlari markazi ovqatlanish bo‘yicha tadqiqotlar direktori Kristofer Gardnerning ta’kidlashicha, o‘simlik moylaridagi omega-6 yog‘ kislotalari yallig‘lanish jarayonlariga bevosita sabab bo‘lmaydi va sog‘liq muammolari bilan bog‘liq degan fikr ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan.
Olim omega-3 va omega-6 muhim yog‘ kislotalari bo‘lib, ularni inson organizmi mustaqil ishlab chiqara olmasligini tushuntirdi. Shuning uchun ularni oziq-ovqat mahsulotlari – baliq, yong‘oq, urug‘lar hamda zaytun, kungaboqar, soya va makkajo‘xori yog‘lari orqali qabul qilish lozim.
So‘nggi paytlarda urug‘ moylarining omega-6 miqdori yuqoriligi sababli ularning zararli ekani haqidagi fikrlar keng tarqaldi. Ularning yallig‘lanishga olib kelishi va yurak-qon tomir kasalliklarini kuchaytirishi taxmin qilinmoqda. Biroq, Gardnerning so‘zlariga ko‘ra, bu qarash ilmiy asosga ega emas.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, omega-3 yallig‘lanishga qarshi ta’siri bilan mashhur, ammo omega-6 ham organizm uchun zarur bo‘lib, uni butunlay cheklash noto‘g‘ri. Aksincha, sog‘lom yog‘larga boy mahsulotlarning aksariyati omega-6 ni ko‘proq o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Gardner inson immunitet tizimi hali ham to‘liq o‘rganilmaganini qayd etib, urug‘ moylarini iste’mol qilish yallig‘lanishni oshiradi degan fikrga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlaydi.







