Rossiya va Ukraina harbiy asirlarni almashdi
Asir almashinuvi BAA vositachiligida amalga oshirilgan.

Rossiya va Ukraina navbatdagi asir almashuvini o‘tkazib, har biri 175 harbiyni qarama-qarshi tomonga topshirdi. Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaga qo‘shimcha ravishda og‘ir yaralangan 22 ukrainalik harbiy asir ham topshirilgan.
Rossiya tomoni o‘z fuqarolarini Belarusga yetkazib, ularga zaruriy tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatayotganini bildirdi. Tez orada ular Rossiyaga qaytariladi va reabilitatsiyadan o‘tishadi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham asir almashinuvi natijalari haqida bayonot berdi. Unga ko‘ra, Ukrainaga qaytgan harbiylar orasida Qurolli Kuchlar, Harbiy-dengiz kuchlari, Milliy gvardiya, Chegara xizmati va hududiy mudofaa kuchlari askarlari bor. Zelenskiy, shuningdek, og‘ir yaralangan 22 ukrainalik harbiy alohida harakatlar orqali qaytarilganini aytib, Birlashgan Arab Amirliklariga vositachilik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Kremlning xabarida esa Ukrainaga qaytarilgan harbiylar orasida 23 nafar og‘ir yaralangan askar borligi aytilgan. Ushbu tafovutga hozircha rasman izoh berilmagan.







